Home ➤ News ➤ 11.05.2026
Prezident Shavkat Mirziyoyev 2026–2030-yillarga mo'ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasini tasdiqladi. Hujjatda muhim axborot va davlat raqamli infratuzilmasini himoya qilish, kiberxavfsizlik sohasida texnologik mustaqillikka erishish va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish kabi ustuvor yo'nalishlar belgilangan. Kiberxavfsizlik hodisalarini monitoring qilish uchun milliy SOC tizimi tashkil etilmoqda.
Shavkat Mirziyoyev 10-mart kuni 2026−2030-yillarga mo‘ljallangan Kiberxavfsizlik strategiyasini belgilash to‘g‘risidagi farmonni imzoladi.
Hujjatda bir necha asosiy yo‘nalishlar belgilab berilgan:
Kiberxavfsizlik sohasida texnologik mustaqillikka erishish vazifasi alohida qayd etilgan.
Prezident huzuridagi Xavfsizlik kengashi kotibi raisligida Kiberxavfsizlikni ta’minlash va kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi milliy kengash tashkil etilmoqda. 1-iyulga qadar vazirlik va idoralarning ishchi guruhlari raqamli hukumat va bank-moliya sohasidagi axborot tizimlarining kiberxavfsizlik holati bo‘yicha baholashni kengashga taqdim etadi.
O‘z axborot xavfsizligi bo‘linmalariga ega bo‘lmagan davlat organlariga ushbu funksiyalarni tashqi pudratchilarga topshirishga ruxsat beriladi. Bunda faqat Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan yuritiladigan maxsus reyestrga kiritilgan kompaniyalar bilan ishlash mumkin bo‘ladi.
Bundan tashqari, DXX milliy axborot tizimlari va resurslarining zamonaviy kiberhujumlarga chidamliligini oshirish maqsadida mustaqil ekspertlar ishtirokida zaifliklarni aniqlash bo‘yicha tanlovlar o‘tkazadi.
1-apreldan boshlab Adliya vazirligi, Energetika vazirligi va Soliq qo‘mitasida kamida to‘rt nafar xodimdan iborat kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bo‘linmalar tashkil etiladi.
Kiberxavfsizlik tuzilmalari, shuningdek, quyidagi davlat organlarining amaldagi shtat birliklari doirasida shakllantirilishi kerak:
Davlat organlari rahbarlarining kiberhimoya choralarini amalga oshirish bo‘yicha shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda. Shu bilan birga, kiberxavfsizlik sohasidagi qonunchilikni buzganlik uchun javobgarlikni qattiqlashtirish ko‘zda tutilmoqda.
1-apreldan boshlab davlat organlari kiberxavfsizlik uchun mablag‘larni budjet va o‘zlarining budjetdan tashqari jamg‘armalari doirasida yo‘naltirishlari shart.
Kiberxavfsizlik hodisalarini monitoring qilish va ularga chora ko‘rish milliy tizimi (SOC) tashkil etilmoqda. Davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida, shuningdek, muhim axborot infratuzilmasi obyektlarida zaifliklar va kamchiliklarni aniqlash tizimlari joriy etiladi.
Yangi kiberxatarlar hamda zaifliklar bo‘yicha tezkor ma’lumot almashinuvi yo‘lga qo‘yiladi va bu haqda kiberxavfsizlik sohasi ishtirokchilarini xabardor qilish tizimi yaratiladi.
Huquqni muhofaza qilish organlarining kiberjinoyatlarni oldini olish, aniqlash va fosh etish bo‘yicha ishlarini kuchaytirish rejalashtirilgan. Strategiyaga muvofiq, kiberhujumlarga chora ko‘rish bilan shug‘ullanuvchi tezkor guruhlarning tayyorgarlik darajasi doimiy ravishda oshirib borilishi kerak.
Kuch ishlatar tuzilmalarning oliy ta’lim muassasalari kiberkriminalistlarni tayyorlaydi. Bunday jinoyatlarni samaraliroq tergov qilish uchun tezkor-qidiruv va tergov faoliyatining zamonaviy usullarini faol joriy etish ko‘zda tutilmoqda.
Huquqni muhofaza qilish organlarida raqamli kriminalistika rivojlantiriladi, jumladan, ixtisoslashtirilgan laboratoriyalar tashkil etiladi, raqamli dalillarni yig‘ish va tahlil qilish yo‘lga qo‘yiladi, shuningdek, tergov qilish uslublari va texnologiyalari ishlab chiqiladi hamda joriy etiladi.
Ichki ishlar vazirligi tuzilmasida tezkor faoliyatni axborot-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash uchun kiberlaboratoriya tashkil etiladi.
Huquqni muhofaza qilish organlari kibermakondagi firibgarliklarning oldini olishi va fuqarolarni kiberjinoyatlar haqida xabardor qilib borishi shart. Kiberjinoyatlar bo‘yicha ariza va xabarlarni topshirish jarayonini, shu jumladan onlayn-xizmatlar va maxsus platformalar orqali soddalashtirish rejalashtirilgan.
Shu bilan birga, davlat organlari xodimlari uchun muntazam treninglar hamda aholi uchun axborot kampaniyalari o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Unda OAV va ta’lim materiallari orqali kiberxavfsizlikning asosiy qoidalari tushuntiriladi.
Ushbu sohadagi qonunchilik ham qayta ko‘rib chiqiladi: axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etilgan jinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi, kibermakondagi yangi turdagi huquqbuzarliklar uchun esa alohida normalar joriy etiladi.
Alohida bo‘lim telefon va internet firibgarligiga qarshi kurashishga qaratilgan. Firibgarlik saytlarini avtomatik ravishda aniqlaydigan antifishing platformasini yaratish rejalashtirilgan. Shuningdek, shubhali qo‘ng‘iroqlarni aniqlash va bloklash yoki ular haqida ogohlantirish mexanizmlari ko‘zda tutilgan.
Aloqa operatorlari uchun shubhali va istalmagan qo‘ng‘iroqlarni, jumladan, spam va reklama qo‘ng‘iroqlarini bloklash yoki filtrlash bo‘yicha majburiyatlar yuklanishi mumkin.
Maktablarning yuqori sinflarida tarbiya soatlari doirasida kibermadaniyat bo‘yicha mashg‘ulotlar joriy etiladi.
2026-yil yakuniga qadar kiberxavfsizlik asoslari bo‘yicha kurslar mavjud bo‘lgan onlayn platformalarni ishlab chiqish, shuningdek, talabalar va maktab o‘quvchilari uchun ijtimoiy roliklar tayyorlash rejalashtirilgan.
Hududlarda iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida kiberxavfsizlik klublari tashkil etiladi.
Manba: gazeta.uz
Tashkent city, Shaykhantakhur district, Kukcha Darvoza street, 10